events

Vatanni ulug'layotgan qiz

Har qanday muvaffaqiyatga mehnat bilan erishiladi. Har bir iste’dodning zamirida mehnat yotadi.
Muhayyoxon Yo‘ldosheva Marg‘ilonda o‘rta maktabni tamomlab, Farg‘ona politexnika institutiga o‘qishga kirdi. U muhandislikni orzulagan edi. Birinchi-ikkinchi bosqich talabaliqdayoq kunni kutubxonadan chiqmay qolardi. Hali u, hali bu ilmiy maqolalarni o‘qib-o‘rganar, kezi kelganida to kechgacha laboratoriyalarda sinov bilan band bo‘lar edi. “Nega shunday? Bunday qilsa-chi? Natijani yaxshilash uchun bu usulni qo‘llasa-chi?..” U hamisha savollar yomg‘iri ostida bo‘ldi. Ustozlari bu intiluvchan qizga alohida e’tibor berdilar. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar tayinladilar. Shunday kunlarning birida Muhayyoxon barcha uchun kutilmagan taklifni aytib qoldi:

– Nega qurilish materiallari, masalan, alyumin, plastmassa chiqindi-qirindilaridan tarkibi mustahkam yangi qurilish materiali ishlab chiqarish mumkin emas?

Va uning o‘zi javob berdi:

– Beton, gazobeton, gipsobeton tarkibiga sanoat chiqindilarini qo‘shsak, uning bir necha ko‘rsatkichlari yuksaladi.

Ustoz Hamidullo Mamatov bilan nazariyadan amaliyotga o‘tdi.

 

 

 

 

 

 

 


– Bu qizimiz bilan energiya tejamkor devor bloklari ustida izlanishlar olib boryapmiz, – deydi uning ustozisi, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Hamidullo Mamatov. – Uning tarkibiga eshik-romlar plastik va profil chiqindilarini qo‘shib, mustahkamligini oshirishga erishdik. Natijada bloklarning issiqlik izolyatsiyasi ko‘rsatkichi ham oshirildi.

Muhayyoxon Yo‘ldosheva magistrlik darajasi uchun shu mavzuda izlanishlarini davom ettirmoqda. Natijalar esa nafaqat bozorni yangi qurilish materiallari bilan boyitadi, balki umuman qurilish sanoati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

– Alyuminiy va plastik qirindilardan foydalanib, yangi energiya tejamkor beton plitalari ishlab chiqarish ustida izlanish olib boryapmiz. Bu avvalo ekologik samaradorlikni ta’minlaydi. Chunki chiqindilar havoni zaharlaydi va inson uchun zararlidir. Biz esa uni qayta ishlab, xomashyo sifatida foydalanishni yo‘lga qo‘yyapmiz. Natijada yangi qurilish materiali vujudga keladi, raqobatbardoshlikni, shuningdek, qurilishda samaradorlikni oshiradi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Muhayyoxon Yo‘ldosheva.

Ha, darvoqe, yosh tadqiqotchi 2024-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgandi. Mukofot uni yangi marralarga yetakladi.

– Yo‘ldosheva Muhayyoxon juda talabchan, qiziquvchan va intiluvchan qizdir. Tadqiqot mavzularini o‘zi tanlaydi, – deydi Hamidullo Mamatov. – Uning tadqiqot natijalari asosidagi amaliy loyihalari Turkiya va Italiya sanoat korxonalarida ham ko‘rib chiqilmoqda.

Muhayyoxon ham mualliflikda “Sanoat chiqindilari asosida qurilish materiallari ishlab chiqarish” nomli elektron darslik ishlab chiqdi.

“Qurilish materiallari sanoatida issiqlik texnikasi” fanidan “Amaliy mashg‘ulotlar” nomli uslubiy qo‘llanmasi o‘quv jarayoniga tadbiq qilingan.

Rossiya ta’lim portali tomonidan o‘tkazilgan “Ekologiya planety – delo kazhdogo cheloveka” xalqaro tanlovida “Loyihalash faoliyati” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan.

Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda ilmiy tadqiqotlar bilan ishtirok etib, 1-o‘rin sohibi bo‘lgan.

Muhayyoxon Yo‘ldosheva aslida Farg‘ona politexnika institutida magistrant-talaba. Ammo unga erishgan yutuqlari tufayli bakalavr talabalariga dars berishga rozilik bildirishdi. Endi u ortidan yana o‘nlab ilmga qiziquvchi yosh yigit-qizlarni ergashtirmoqda.

Darvoqe, Zulfiyaxon nomidagi Davlat mukofotining farg'onalik sohibasi Muhayyoxon Yo‘ldosheva nomi asta-sekin chet ellarda ham tanilib bormoqda.

– 2024 yil mobaynida respublika va xalqaro konferensiyalarda 5 marta ishtirok etdim hamda maqolalarim chop etildi, – deydi Muhayyoxon. – Bundan tashqari, 3 ta xorijiy jurnalda ham yangi turdagi qurilish materiali yaratish haqida tadqiqotim natijalari e’lon qilindi. Ularga xorijiy mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bildirilyapti.