🔹Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 23-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Respublika bo‘yicha 903 ta “og‘ir” mahallaning bosh (master) rejasini ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi. Ushbu muhim topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona davlat texnika universiteti tomonidan keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, universitetning bitiruvchi bosqich talabalari viloyat hududidagi 125 ta mahallaga biriktirilib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish, infratuzilma, arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida aniq takliflar ishlab chiqish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur jarayonlarni samarali tashkil etish maqsadida universitetda maxsus shtab tashkil etilib, mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda Farg‘ona davlat texnika universitetining "Arxitektura va qurilish fakulteti" dekani, mas’ul xodimlar hamda iqtidorli talabalar ishtirokida Bag‘dod tumanidagi 7 ta “og‘ir” mahallada o‘rganish va tahlil ishlari olib borilmoqda. O‘rganish jarayonida mahallalarning mavjud infratuzilmasi, yo‘l-transport tarmoqlari, muhandislik kommunikatsiyalari, ijtimoiy obyektlar, yashil hududlar va aholining kundalik ehtiyojlari chuqur tahlil qilinmoqda.
Ishlab chiqilayotgan master rejalar mahallalarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik yechimlarini joriy etish hamda hududlarning salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu loyiha talaba-yoshlar uchun nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, real loyihalar ustida ishlash orqali kasbiy ko‘nikmalarini oshirishda muhim amaliy tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
🖇Farg‘ona davlat texnika universiteti tomonidan olib borilayotgan ushbu ishlar Prezident topshiriqlarining izchil ijrosini ta’minlash, mahallalarni rivojlantirishda ilm-fan va ta’lim salohiyatini samarali safarbar etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
#PrezidentTopshirig‘iAmalda #FargonaDavlatTexnikaUniversiteti #MasterReja #ArxitekturaVaQurilish #TalabalarAmaliyoti #YoshlarAmalda #MahallaInfratuzilmasi #BagdodTumani
[ F O T O L A V H A L A R ]






