🎉 80 yosh — ustozga yuksak ehtirom!
Farg‘ona davlat texnika universiteti Arxitektura va qurilish fakultetining uzoq yillik fidoyi ustozlaridan biri, texnika fanlari nomzodi, dotsent Nabiyev Mo‘minjon ustozning muborak 80 yillik yubileyi munosabati bilan universitetda tantanali tadbir tashkil etildi. Ushbu sana nafaqat ustoz uchun, balki universitet jamoasi, shogirdlari va butun ilmiy jamoatchilik uchun ham quvonchli va unutilmas voqea bo‘ldi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ko‘p yillik hamkasblar, turli yillarda tahsil olib bugungi kunda turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan shogirdlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Barchani bir maqsad – ustozning sermazmun hayoti, fidokorona mehnati va ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish, unga samimiy ehtirom bildirish birlashtirdi.
Tadbir davomida universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (rektor v.v.b.) I. I. Jaxongirov so‘zga chiqib, Mo‘minjon Nabiyevning ko‘p yillik samarali mehnati, oliy ta’lim tizimidagi faoliyati va ayniqsa arxitektura hamda qurilish sohasi rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi. Ustozning ilmiy izlanishlari, pedagogik mahorati hamda yosh avlodni tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari universitet tarixida munosib o‘rin egallashi qayd etildi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, Mo‘minjon Nabiyev qariyb oltmish yilga yaqin vaqt davomida oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu davr mobaynida u nafaqat bilimli mutaxassislarni tayyorlashga, balki yoshlarning ma’naviy va kasbiy kamolotiga ham katta e’tibor qaratib kelmoqda. Ustozning boy tajribasi, talabchanligi, samimiyligi va mehribonligi tufayli yuzlab shogirdlar bugungi kunda yetuk mutaxassis, rahbar va ilm ahli sifatida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan hamkasblar va shogirdlar ustoz bilan bog‘liq iliq xotiralarini yodga olib, uning insoniy fazilatlari – kamtarligi, halolligi, fidoyiligi va ilmga bo‘lgan cheksiz muhabbatini alohida ta’kidladilar. Ustozning hayot yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabi ekani, uning ilm-fan va ta’lim rivoji yo‘lida qilgan xizmatlari yuksak ehtiromga loyiq ekani qayd etildi.
Shuningdek, tadbir davomida ustozning samarali ilmiy-pedagogik faoliyati, fakultet va universitet rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi e’tirof etilib, unga samimiy tabriklar, ezgu tilaklar bildirildi. Ustozga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat hamda kelgusida ham ilm-ma’rifat yo‘lida bardavom faoliyat tilab qolindi.
Mo‘minjon Nabiyev kabi ustozlar bor ekan, ilm-fan rivoji, yosh avlod tarbiyasi va yurt kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratilishda davom etadi. Ustozning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va shogirdlarga bergan bebaho saboqlari kelajak avlod uchun hamisha yorqin ibrat bo‘lib qoladi.
#Mo‘minjonNabiyev #80YoshUstoz #FargonaDTU #ArxitekturaVaQurilish #Ustozimiz80 #ShogirdlargaIbrat #OliyTa’limFidoyisi
[JARAYONDAN FOTOLAVHALAR]

.jpg)


