events

Farg‘ona davlat texnika universiteti tarixida alohida o‘rin egallagan ustozlardan biri, texnika fanlari nomzodi, dotsent Mo‘minjon Nabiyev 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan universitetda samimiy va iliq tabriklar bildirildi

 

🎉 80 yosh — ustozga yuksak ehtirom!

⚡️Farg‘ona davlat texnika universiteti tarixida alohida o‘rin egallagan ustozlardan biri, texnika fanlari nomzodi, dotsent Mo‘minjon Nabiyev 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan universitetda samimiy va iliq tabriklar bildirildi. Ushbu tadbir universitetimizga ilk qaldirg‘och bo‘lib kelgan talabalar tashrifi doirasida tashkil etilib, nafaqat ustozning uzoq yillik fidoyiligi, balki ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi yuksak e’tirof etildi.

Ta’kidlash joizki, ustoz Mo‘minjon Nabiyev qariyb 59 yil davomida universitetimizda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib, ko‘plab shogirdlarni yetuk mutaxassis sifatida tarbiyaladi. Uning pedagogik mahorati, talabchanligi, samimiyligi va mehribonligi tufayli yuzlab yoshlar bugungi kunda o‘z sohalarida yetakchi mutaxassis, ilm-fan ahli va rahbar sifatida faoliyat olib bormoqda. Ustozning boy tajribasi va fidokorona mehnati universitetning ilmiy va ta’limiy taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shib kelmoqda.

Mazkur tashrif davomida talabalar ustozni qutlab, unga uzoq yillik samarali faoliyati uchun minnatdorliklarini bildirdilar. Shuningdek, ularga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat va kelgusidagi ilmiy-pedagogik faoliyatida yangi yutuqlar tilashdi. Tadbir davomida ustozning hayotiy tajribasi va ilm-fan yo‘lida qilgan xizmatlari yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.

Bu kabi samimiy uchrashuvlar universitetimiz jamoasi va talabalar uchun ham katta ahamiyatga ega. Ular nafaqat o‘tmishdagi boy tajriba bilan tanishadi, balki o‘z kelajak yo‘lida ilhom oladi. Mo‘minjon Nabiyev kabi ustozlar nafaqat universitetning, balki butun mamlakat ilm-fani va ta’lim rivoji uchun mustahkam poydevor yaratishda davom etadi.

Bu tadbir, shubhasiz, universitet tarixidagi yorqin voqealardan biri sifatida xotirada qoladi va yosh avlodga ustozlik, fidoyilik va ilmga sadoqatning eng yaxshi namunasi sifatida xizmat qiladi.

[JARAYONDAN FOTOLAVHALAR]