2026-yil 9-aprel kuni FDTU Arxitektura va qurilish fakulteti “Qurilish muhandisligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi G‘.M. Qodirov tomonidan Toshloq tumani 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv “Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘quvchi yoshlar o‘rtasida kasbga yo‘naltirish” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati shaklida o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi – bitiruvchi yoshlarni kelajak kasbini ongli ravishda tanlashga yo‘naltirish, oliy ta’lim tizimidagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish hamda ularda mustahkam motivatsiya shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida G‘.M. Qodirov tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlaridagi yangiliklar, kirish imtihonlari tartibi hamda abituriyentlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, qurilish sohasi va qurilish muhandisligi yo‘nalishining bugungi kundagi dolzarbligi, ushbu kasb egalari uchun mavjud bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar va mehnat bozoridagi ehtiyojlar alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, ma’ruzachi o‘zining talabalik yillari, ilmiy va pedagogik faoliyati davomida orttirgan tajribasi haqida so‘z yuritib, yoshlarni bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishish zarurligiga alohida urg‘u berdi. U yoshlarni o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va izchil mehnat qilish orqali katta natijalarga erishish mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir davomida o‘quvchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ular tomonidan berilgan savollarga batafsil va tushunarli javoblar berildi. Jumladan, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish usullari, fanlarni to‘g‘ri tanlash, grant va kontrakt asosida o‘qish imkoniyatlari, stipendiya va imtiyozlar haqida muhim tavsiyalar berildi.
Uchrashuv yakunida o‘quvchilar ushbu davra suhbatidan katta taassurot olganliklarini bildirib, kelajakda oliy ta’lim muassasalariga kirish va o‘zlari qiziqqan kasbni egallash yo‘lida yanada qat’iyat bilan harakat qilishlarini ta’kidladilar.
Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy va kasbga yo‘naltiruvchi tadbirlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish hamda jamiyatimiz uchun yetuk, malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
#FDTU #Arxitektura #QurilishMuhandisligi #KasbgaYonaltirish #Toshloq #12maktab #Yoshlar #Talim #OliyTalim #Abituriyent #Motivatsiya #Uchrashuv #DavraSuhbati #Kelajak #Talaba #2026
[ F O T O S U R A T L A R]



