O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 20-yanvardagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 21-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil 24-mart kuni Farg‘ona davlat texnika universitetida muhim uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbir doirasida “Qurilish muhandisligi” kafedrasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda magistratura mutaxassisligi bitiruvchilari uchun xorijiy ish beruvchi tashkilotlar vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Janubiy Koreyaning “URconnction Co., Ltd” kompaniyasining kasbga tayyorlash va karyera asosida immigratsiya bo‘yicha vakili Yongchan Jeong va rivojlanish markazi guruh yetakchisi Bekzod Abdullkhaevlar ishtirok etib, bitiruvchilar bilan bevosita muloqot olib bordi hamda ularning xorijda ishlash imkoniyatlari, mehnat sharoitlari va talab etiladigan kasbiy ko‘nikmalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida ish beruvchi tashkilotlar vakillari tomonidan yosh mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, amaliyot o‘tash hamda keyinchalik ishga joylashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, Janubiy Koreyada ishlash jarayonida yaratiladigan shart-sharoitlar, mavjud imtiyozlar hamda xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlar haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, bitiruvchi talabalarga zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish uchun zarur bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalar va malakalarni rivojlantirish yuzasidan muhim tavsiyalar bildirildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar batafsil javob berib, kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, amaliyot tashkil etish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish masalalarida kafedra bilan yaqindan ishlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida bunday tadbirlar bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni kasbiy faoliyatga yo‘naltirish hamda oliy ta’lim muassasasi va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
#FargonaDavlatTexnikaUniversiteti #QurilishMuhandisligi #BitiruvchilarBandligi #OliyTalim #XorijdaIshlash #JanubiyKoreya #TalabalarUchrashuvi #KaryeraImkoniyatlari #AmaliyotVaIsh #YoshMutaxassis
[J A R A Y O N D A N F O T O S U R A T L A R]




